40 ta rahbar oʼrinbosarlari lavozimlari qisqartirildi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʼzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoni imzolandi. Unga ko’ra, davlat organlarining sohaga oid boʼlmagan vazifalarini qisqartirish va faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali ularning tuzilmasi oʼrtacha 15 foizga maqbullashtirildi, shuningdek, 26 ta davlat organlari va tashkilotlarida 40 ta rahbar oʼrinbosarlari lavozimlari qisqartirildi.

Davlat organlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish hisobidan byurokratik toʼsiqlarni qisqartirish va aholiga davlat xizmatlarini koʼrsatish tizimini yaxshilash maqsadida 30 ga yaqin turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat tashkilotlari tomonidan 60 dan ortiq hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.

“Elektron hukumat” tizimining foydalanuvchilari soni 4 milliondan oshib, u orqali davlat idoralarining 130 dan ortiq axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlari yaratildi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida qariyb 350 turdagi xizmatlar onlayn shaklda koʼrsatilishi yoʼlga qoʼyildi.