44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempionlari tantanali ravishda kutib olindi

Hindistonning Chennai shahri mezbonlik qilgan 44-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi g‘olibiga aylangan O‘zbekiston terma jamoasi bugun, 11-avgust kuni tunda Toshkentga qaytib keldi. Shaxmatchilarni Toshkent xalqaro aeroportida ularning yaqinlari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat vakillari, ommaviy axborot vositalari hamda muxlislar kutib oldi.

O‘zbekiston Prezidentining shaxmatchilarga yo‘llagan tabrigini Bosh vazir Abdulla Aripov o‘qib eshittirdi. Shuningdek, shaxmatchilarga 600 mln so‘mlik pul mukofotlari hamda “Equinox” avtomashinasi kalitlari topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi hal qiluvchi turda Niderlandiyaga qarshi bahs olib borib, 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozongan edi. Mazkur g‘alaba orqali O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi oltin medal masalasini hal qilgan va o‘z tarixida ilk bor Olimpiada chempioniga aylangandi.

Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa so‘nggi turda Kosta-Rika ustidan g‘alaba qozonib (2,5:1,5), olimpiadani 162 jamoa orasida 31-o‘rinda yakunlagandi.