50 ga yaqin qonun loyihalari yuzasidan Institutning ilmiy xulosalari taqdim etildi

Toshkent shahrida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining 2021-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati hisoboti muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy Majlis Senati a’zolari, Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari O.Tadjiyev 2021-yilning birinchi yarim yilligida Qonunchilik palatasiga kiritilgan 50 ga yaqin qonun loyihalari yuzasidan Institutning ilmiy xulosalari berilganligi muhim ahamiyat kasb etganligini qayd etdi.

Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori F.Otaxonov Institut tomonidan 2021-yilning yanvar-iyun oylari davomida amaldagi qonunlar va qonun loyihalari yuzasidan 48 ta ilmiy xulosalar tayyorlanganligi, 7 ta Oliy Majlis palatalarining qarorlari loyihalari, 85 ta axborot-tahliliy ma’lumot tayyorlanganligini aytib o‘tdi.