527 ta maktab qurish va rekonstruktsiya qilishga 2,5 trillion soʼm ajratildi

Davlatimiz rahbari maktab taʼlimi islohotining asosiy yoʼnalishlarini belgilab berdi.
Eng avvalo, kelgusi besh yilda 1,2 million oʼquvchi oʼrni yaratilishi lozim. Ushbu maqsadlar uchun joriy yilning oʼzida 527 ta maktabni qurish va rekonstruktsiya qilishga 2,5 trillion soʼm ajratildi. Bu mablagʼ yanada koʼpaytiriladi.
"Bir narsani aniq tushunish kerak. Yangi qurilayotgan va taʼmirlanayotgan maktablar ham oʼquvchilar, ham pedagoglar uchun qulay va moslashuvchan boʼlishi kerak. Yangi qurilayotgan maktablarda quyosh paneli va issiq suv kollektori albatta boʼlishi shart.
Bu ishlar bilan endi joylarda viloyat, shahar va tuman hokimlari shugʼullanadi. Bugundan boshlab Xalq taʼlim vazirligining qurilishga buyurtmachi boʼlish vakolati tugatiladi.
Mutasaddilar va viloyat hokimlariga bir oy muddatda yangi talablardan kelib chiqib, “Namunaviy maktab” loyihalarini taqdimot qilish topshirildi.
"Endi yangi maktablar mahalla faollari, ota-onalar va jamoatchilik nazorati ostida quriladi va foydalanishga qabul qilinadi", dedi davlatimiz rahbari.






