7-aprel - Butunjahon salomatlik kuni

1948-yilning aynan shu sanasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) o’z faoliyatini boshladi. JSST Birlashgan Millatlar Tashkilotining sogʼliqni saqlash sohasiga ixtisoslashgan nufuzli muassasa boʼlib, tuzilma tarkibida 194 ta davlat bor.

Oʼzbekiston JSSTga 1992-yil 25-mayda aʼzo boʼlgan. Tashkilotning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi 1993-yildan faoliyat olib boradi.

Salomatlik kunini nishonlash 1950-yildan anʼanaga aylangan. “Jahon sogʼliqni saqlash kuni” aholiga salomatlik inson hayotida juda muhimligini anglatish maqsadida koʼplab targʼibot dasturlari ishlab chiqiladi. Tadbirlar “Faollik — uzoq umr koʼrish yoʼli”, “Iqlim oʼzgarishidan salomatlikni asrang”, “1000 shahar – 1000 hayot”, “Urbanizatsiya va salomatlik” kabi ayni yoʼnalishdagi global muammolarga bagʼishlangan turli shiorlar ostida oʼtadi.

Oʼtgan yili esa, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga doir “Аdolatli, sogʼlom dunyoni qurish” shiori tanlangan edi. Bu gal masʼullar dunyo hamjamiyati eʼtiborini hanuz toʼliq chekinmagan pandemiya, borgan sari dolzarblik kasb etayotgan global ekologik inqiroz, saraton, astma kasalliklari, yurak bilan bogʼliq muammolar avj olishi asnosida eng zarur shoshilinch choralarga qaratishga qaror qildi. Shu tariqa JSST 2022-yilni “Sayyoramiz, bizning sogʼligʼimiz”, deya nomladi.