Toshkentda buyuk qozoq adibi Abay ijodiga bagʻishlangan koʻrgazma ochildi

19-dekabr kuni Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida qozoq adibi va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Abay. Qardosh xalqlar merosi” koʻrgazmasining ochilishi boʻlib oʻtdi.

Tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Dauren Abayev, Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchisi Beybut Atamkulov, “Jidebay-Borili” Abay muzeyi direktori Turdiqul Shanbay, Tasviriy sanʼat galereyasi direktori Kamola Oqilova, shuningdek OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Koʻrgazmada qozogʻistonliklarning kundalik maishiy hayotida foydalanuvchi, dekorativ-amaliy sanʼat buyumlari, Abay hayoti va ijodiga bagʻishlangan tasviriy sanʼat asarlari, grafiklari, shuningdek Abayning asarlari namoyish etilmoqda.

“Abay. Qardosh xalqlar merosi” koʻrgazmasi qator boʻlimlardan iborat boʻlib, quyidagilarni oʻz ichiga olgan:
· Koʻchmanchi madaniyat Abay ijodi shakllanishidagi asosiy omil;
· Abay ijodida Alisher Navoiyning tutgan oʻrni;
· Abay hayotining asosiy bosqichlari;
· Abay qahramonlari va syujetlari musavvirlar A. Kasteyeva, U. Tansikbayeva, Ye. Sidorkina, N. Otepbayeva va boshqalar ijodida.

19-dekabr kuni ish boshlagan “Abay. Qardosh xalqlar merosi” koʻrgazmasi 30-dekabrga qadar davom etadi.