Abdulaziz Kamilov Hindiston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

2021-yil 12-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengash vazirlar uchrashuvida ishtirok etmoqda.
Kecha ushbu uchrashuv doirasida Kamilov Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida Hindiston tomoni davlatlararo munosabatlarning bugungi darajasini yuqori baholab, izchil va yuqori sur’atda rivojlanayotganini qayd etdi.
Turli sohalarda savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari, tomonlarning xalqaro tashkilotlar doirasidagi muloqotini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat, jumladan, mamlakatga insonparvarlik yordam ko‘rsatish borasida atroflicha fikr almashildi.
Hindiston tomoni Afg‘onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlikni o‘rnatish bo‘yicha O‘zbekiston bilan faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.






