Abduqodir Toshqulov: "Abituriyentlar uchun test sinovlari adolat mezoniga aylandi"

O'zbekiston Oliy va o'rta-maxsus ta'lim vaziri OTMga kirishda amalga oshirilgan islohotlar haqida gapirdi.

Abduqodir Toshqulovning ta'kidlashicha, endilikda talabalarga OTMga hujjatlarni topshirish uchun pul va vaqt sarflashning hojati yo'q.

-2021-2022 o'quv yilidan boshlab abituriyentlarga hujjatlarini onlayn tarzda topshirish imkoniyati berilmoqda. Qisqa vaqt ichida onlayn tarzda topshirilgan hujjatlar soni 1,5 millionga yetdi.

Shuningdek, vazir 5 yo'nalish bo'yicha hujjatlarni topshirish sababi haqida so'z yuritdi.

-Ilgari, masalan, 2 ta do'st universitetlarga kirmoqchi bo'lganlarida, biri 193 ball to'plagan va o'qishdan yiqilgan, ikkinchisi 93 ball bilan boshqa universitetga byudjet asosida kirgan. Bu adolatsiz edi. Shu sababli har bir abituriyent 5 xil universitetni tanlab, 5 yo'nalishda o'z kuchini sinab ko'rishi mumkin.

Shuningdek, Abduqodir Toshqulov avvalgi test sinovlari 1 kunda o'tkazilganligini eslatib o'tdi. Bu yildan boshlab testlar 15 kun davomida o'tkaziladi. Shunday qilib, testlarni nazorat qilish imkoniyatlari ko'payadi.