Abu Dabida kichik Oʻzbekiston ochildi

Abu Dabi amirligining Al Vatba hududida 18-noyabr kuni boshlangan “Shayx Zoid” festivali doirasida “Oʻzbekiston” pavilyonining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Mazkur pavilyon Oʻzbekiston Investitsiya va tashqi savdo vazirligining Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan tashkil etilib, unda davlat ramzi hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 31 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi. Tadbirda Qatardagi futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun Samarqanddan yo‘lga chiqqan va ayni damda Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib turgan delegatsiyamiz ham ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, “Shayx Zoid” madaniy meros an’anaviy festivali toʻrtinchi marta tashkil etilmoqda, 2022-yil 18-noyabrdan 2023-yil 18-martga qadar davom etadigan tadbir doirasida “Xush kelibsiz!” nomi ostida dronlar va lazer chiroqlari hamda Amirlik favvoralari shoulari, mushakbozlik, harbiy meros musiqasi, meros musobaqalari va qiziqarli sport tadbirlari boʻlib oʻtmoqda.

Festival uchun tashkil etilgan shaharchada 20 dan ortiq ishtirokchi mamlakat pavilyonlari, yangi qoʻshilgan San’at shaharchasi, “Selfie street” maydoni, Sahro muzeyi, bolalar maydonchalari, gullar shaharchasi va oziq-ovqat mahsulotlari pavilyonlari tashkil etildi.

"Oʻzbekiston” pavilyoni Oʻzbekiston Investitsiya va tashqi savdo vazirligining Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan tashkil etilib, Amirliklar tomoni bilan hamkorlikda hamda Turizm va madaniy meros vazirligi ko’magida musiqiy jamoalar, hunarmandlar hamda oshpazlar ishtiroki ta’minlangan holda mamlakatimizning turizm salohiyati keng targʻib qilinadi.

Tadbir soʻngida BAAdagi vatandoshlar, san’atkorlar guruhi va blogerlar jamoasi bilan birgalikda festival asosiy maydoni boʻylab Oʻzbekiston bayrogʻi ostida parad uyushtirildi.