Аdirlikda ming gektar bogʼ barpo etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʼona viloyatiga tashrifini Oltiariq tumanidan boshladi.

Prezidentimiz Oltiariq tumanida ming gektar adirlikda tashkil etilgan uzumchilik va bogʼdorchilik plantatsiyasi koʼrdi.

Oʼzlashtirilgan maydonlarning 560 gektarida tokzor barpo etilib, “xusayni”, “kelinbarmoq”, “rizamat”, “kishmish” kabi xaridorgir uzum navlari ekilmoqda. 300 gektarlik intensiv bogʼda olma, gilos, oʼrik koʼchatlari oʼtqazilmoqda.

Qator oralariga tarvuz ekilgan. Bozor talabiga qarab, qalampir, bulgʼor qalampiri, bodring, koʼkatlar va boshqa poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Bular aholi daromadi, yurtimiz eksportini oshirish uchun qoʼshimcha maanba boʼladi.

“Fargʼona qishloq xoʼjaligida katta natijalarga erishayapti, odamlarning dunyoqarashi oʼzgarayapti, dehqonlar eksportga chiqayapti. Lekin kechagi natija bugunga toʼgʼri kelmaydi. Doim izlanishda, harakatda boʼlishimiz kerak. Mana, salgina sharoit yaratilgani uchun shuncha joy bogʼ boʼldi. Hali ichki imkoniyatlarimiz juda koʼp. Bu imkoniyatlarni “inson qadri” tamoyili asosida xalqimiz manfaatiga yoʼnaltirish kerak. Vodiy gavhari Fargʼona bunda namuna boʼlishi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu yer zamonaviy agrosanoat majmui boʼladi - 1 ming 500 tonna sigʼimli muzlatkichli ombor, maishiy xizmat shoxobchalari barpo etiladi. 6 ta minitraktor, 10 ta yuk mashinasi sotib olinadi. Bogʼ va tokzorlar aholiga boʼlib beriladi. Bu mirishkor oltiariqliklar uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

Davlatimiz rahbari shu yerda fargʼonalik dehqonlar va klaster rahbarlari bilan suhbatlashdi.