Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar “Tolibon”ni inklyuziv hukumat yaratishga chaqirdi

13-aprel kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston tomoni raisligida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar to‘rtinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Forum davomida tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, ushbu mamlakatning amaldagi rasmiylari tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablari – inklyuziv hukumat yaratish, afg‘onistonlik ayollarning mehnat va ta’lim olish imkoniyatini hamda milliy ozchiliklarning huquqlarini ta’minlash kabi asosiy talablarning bajarilishi muhokama qilindi.
Xalqaro terrorizm, giyohvand moddalar ishlab chiqarish va ularning kontrabandasiga qarshi kurashda Afg‘onistonga qoʻshni davlatlarning chora-tadbirlarini kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.






