Agar fidoyi hokim kelsa, odamlar darrov sezadi - Shavkat Mirziyoyev

Qarshi shahrida xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

“O‘tgan yili 11-oktabrda bo‘lgan saylovoldi uchrashuvida, sizlar bilan birga Qashqadaryoni kelgusi besh yilda rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha katta maqsadlarni qo‘ygan edik. Kecha Qashqadaryoni ertalabdan kechgacha aylanib, odamlarning ko‘ziga qarab, shu rejalarimizga odamlar ishonyaptimi, o‘zgarishlarni sezyaptimi, deb e’tibor berdim. Bularni kim qiladi? Rahbar qiladi - fidoyi, xalqini sevadigan, elni birlashtiradigan rahbar. Agar fidoyi hokim kelsa, odamlar darrov sezadi”, dedi Prezident

Davlatimiz rahbari hozirgi tahlikali zamonda ichki imkoniyatlarga tayanish va ularni samarali ishga solish zarurligini ta’kidladi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Davlatimiz rahbari 2021-yil noyabr oyidan buyon Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Azimov Murotjon Berdialiyevich nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

M.Azimov 1976-yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. Buxoro viloyati prokurori, Bosh prokuror o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi vazifalarida ishlagan.

Xalq deputatlari, mehnat faxriylari, xotin-qizlar, yoshlar so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Murotjon Azimov Qashqadaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.