"Agroekspress" - birinchi qatnov noyabr oyiga rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Rossiya Federatsiyasida bo‘ldi. U yerda Rossiyaning iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan "Agroekspress" loyihasini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.

"Agroekspress" - bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha poyezdda muntazam va tez yetkazib berish loyihasi.

O‘zbekistondan yangi meva va sabzavotlarni yetkazib berish joriy yilning noyabr oyida start beriladi, muntazam qatnovlar dekabrdan amalga oshiriladi.

Shuningdek, ishtirokchilar davlat rahbarlari ishtirokida Rossiya va O'zbekiston mintaqalararo hamkorlik forumini o‘tkazish masalalarini muhokama qilishdi. Uning navbatdagi yig‘ilishi shu yilga rejalashtirilgan.

Uchrashuvning yana bir mavzusi - O'zbekistonning JSTga kirishiga tayyorgarlik. Maksim Reshetnikov bu masalada Rossiya yordam berishga tayyorligini bildirdi. Dekabr oyida O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.