Aholi yashaydigan hududlarning 98 foizi mobil aloqa bilan qamrab olinadi

“2022–2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini 2022-2023-yillarda yanada rivojlantirishning asosiy vazifalari belgilandi.

Jumladan:

2022-yil yakunigacha:

aholi yashash maskanlarini mobil aloqa tarmog'i bilan qamrab olish darajasi 98 foizga, xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo'llarida mobil internet qamrovi 60 foizga yetkaziladi;
40 ming km optik tolali aloqa liniyalarini qurish orqali qamrov 80 foizga yetkaziladi;
elektron davlat xizmatlari ko'rsatilishiga xususiy sektorni jalb qilish orqali foydalanuvchilar soni 2 barobarga yetkaziladi;
2023-yil yakunigacha:

raqamli texnologiyalar sohasida yiliga 6,5 ming nafardan ortiq yoshlarning axborot texnologiyalari yo'nalishida ta'lim olishi yo'lga qo'yiladi;
davlat organlari, shu jumladan mahalliy hokimlik organlarida hamda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlaridagi korxonalarda 214 ta axborot tizimi va dasturiy mahsulotlar joriy etiladi.
2022-yil 1-sentabrdan respublikaning barcha hududlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo'llash orqali masofaviy xizmatlarni eksport qilish markazlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

2023-yil 1-yanvardan tegishli davlat organlari (24 ta) rasmiy veb-sayti va portallarini “Yagona darcha” tamoyili asosida o'z ichiga oluvchi O'zbekiston Respublikasi Hukumati portali yagona platformasi ishga tushiriladi.