AKT vazirligi va Mastercard o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Nyu-York shahrida AKT vaziri Sherzod Shermatov va “Mastercard” to‘lov tizimining Vitse-prezidenti Sami Laxoud o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar Mastercard bilan elektron tijorat ekotizimini rivojlantirishda ko‘maklashish, kichik va o‘rta biznes salohiyatini oshirish, shuningdek, potensial hamkorlik platformasini yaratish, shu jumladan, onlayn to‘lovlar va boshqa sohalardagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Shu bilan birga, vazir Sherzod Shermatov tomonidan Mastercard Inc. global to‘lov innovatsiyalarini yaratishda yetakchi ekanligi ta’kidlandi. Shu sababli Mastercard kompaniyasi elektron tijorat va elektron to‘lov tizimlarini rivojlantirishda, kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun raqamli tizimga o‘tish salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.
Yig‘ilish davomida Mastercard Inc. kompaniyasi bilan ta’lim loyihalari va kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun salohiyatni oshirish bo‘yicha hamkorlik, Entrepreneurs Odyssey, MasterCard Academy va boshqa onlayn platformalarni o‘zbek tilida ishga tushirishni, O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznes subyektlariga hamda OTM talabalari uchun mahorat darslari va ma’ruzalar o‘tkazish uchun o‘zlarining elektron tijorat portallarini yaratishda yordam berish uchun o‘zbek tilidagi vositalarni soddalashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Mastercard Inc. kompaniyasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida tegishli Hamkorlik Memorandumi imzolandi.






