Amerikalik olimlar saratonning o‘ta xavfli turini davolash usulini topdi

O‘pka saratoni - eng xavfli kasalliklardan biri. Uning ikki asosiy turi ma’lum. Biri - kichik hujayrali, ikkinchisi - kichik bo‘lmagan hujayrali o‘pka saratonidir. AQSH olimlari kichik hujayrali saratonni samarali davolash yo‘lini topdi.

Kichik hujayrali o‘smalar tez rivojlanadi va yuqori agressivlik xususiyatiga ega. Qolaversa, uni dastlabki bosqichlarda aniqlash qiyin. Shu bois kasallikka ko‘p hollarda kech tashxis qo‘yiladi. Eng yomoni, uni davolash juda murakkab.

O‘pka saratonining bu shakli asosan kashandalik oqibatida kelib chiqadi. Shuningdek, yomon ekologik muhit, nafas olish tizimi kasalliklari, genetik moyillik ham bunga sabab bo‘ladi.

AQSH olimlari kichik hujayrali saratonni samarali davolash yo‘lini topdi. Tadqiqot jonivorlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi.

Buning uchun shifokorlar SCLC hujayralarini sichqonlarga ko‘chirib o‘tkazdi. Jonivorlardan bir guruhi siklofosfamid, ikkinchi guruhi SMYD3 ingibitori va uchinchi guruhi har ikki dori bilan davolandi. To‘rtinchi guruhda hech qanday muolajalardan foydalanilmadi.

Yakunda siklofosfamid va SMYD3 preparatlari qo‘llanilgan sichqonlarda xavfli o‘smalar o‘sishi to‘xtagani ma’lum bo‘ldi.

Mutaxassislar fikricha, ushbu yangi usul kimyoterapiya muolajalari sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydigan bemorlarni davolashda katta natija berishi mumkin.