Amerikaning IBM kompaniyasi Rossiyadagi faoliyatini to'xtatdi

International Business Machines Corporation (IBM) Rossiyadagi ishini toʻxtatganini eʼlon qildi. Bu haqda “The Economist” jurnalisti ma’lum qildi.
Qayd etish kerakki, joriy yilning mart oyi boshida IBM Rossiyaning Ukrainada operatsiya boshlashi ortidan mamlakatdagi tijoriy faoliyatini, dasturiy ta’minot savdosi hamda Rossiya mudofaa korxonalari bilan hamkorlik to‘xtatilgani haqida xabar bergan edi.
Ma’lumot uchun, IBM 1911-yilda tashkil etilgan va dastlab tarozilar, pishloq kesgichlar va perforatorlar ishlab chiqargan. 1943-yilda birinchi IBM kompyuteri, 1981-yilda esa birinchi shaxsiy kompyuter — IBM PC ishlab chiqarilgan. Endilikda, korporatsiya dasturiy ta'minot ishlab chiqarish, konsalting va IT xizmatlarini ko'rsatib kelmoqda. 1974-yilda kompaniya Moskvada ham o’z vakolatxonasini ochgandi.
Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan so'ng, ko'plab kompaniyalar Rossiyadagi faoliyatini vaqtincha yoki butunlay to'xtatdi. Mart oyi boshida Microsoft va Adobe tomonidan mamlakatda mahsulot sotish va xizmatlar ko‘rsatish to‘xtatilgan edi. Aprel oyi boshida esa Intel Rossiyadagi faoliyatiga nuqta qo'ydi.






