Namangan viloyatining Norin tumanida qadimiy zardushtiylar ibodatxonasi topildi

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan “Ichki va xalqaro turizmning “Uchtepa-Buloqmozor” majmuasi arxeologik yodgorliklarini o'rganish va ularni moviy osmon ostidagi muzeyga aylantirish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida Norin tumanida zardushtiylik davriga oid qadimiy ibodatxona aniqlandi.
Akademik Ahmadali Asqarov boshchiligidagi ilmiy jamoa qazish ishlari davomida qadimgi tosh davriga oid, hududda zardushtiylik qarashlari va islom dinining keng tarqalishi bilan bog'liq o'ta noyob topilmalar hamda ibodatxonani kashf qildilar.
“Biz qazishma ishlarini olib borishdan avval tepalik ostida qadimiy hukmdorning qabri va o'sha davr an'analariga ko'ra unga qo'shib ko'milgan boyliklar bo'lsa kerak, deb taxmin qilgandik. Natijalar biz kutgandan ham a'lo bo'ldi – qo'lga kiritgan manbalarimizning ilmiy qimmati va ahamiyati beqiyos”, - deydi akademik A.Asqarov.






