Аndijon viloyati sanoat salohiyatini oshirishning yangi imkoniyatlari

Joriy yilning 6-may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligidagi ishchi guruh Аndijon viloyatining iqtisodiy va sanoat rivojlanishining bugungi holatini oʼrganish maqsadida ushbu hududga joʼnab ketdi.

Joylarga amalga oshirilgan tashrif davomida infratuzilmaning joriy holati, mahalliy sanoat korxonalari va ular tomonidan chiqarilayotgan mahsulotlar oʼrganildi.

Tadbirkorlar va eksportchilar bilan ishlab chiqarish jarayonining amaliy jihatlari, ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulotlarning yangi turlarini oʼzlashtirish orqali korxonalar faoliyatini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Toʼgʼridan-toʼgʼri muloqot korxonalarning hozirgi holatini, texnologik jarayonini hamda yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni oʼrganishga imkon berdi. Muammolar har tomonlama tahlil qilindi, shundan soʼng aniq yechimlar ishlab chiqildi, ularni amalga oshirish muddatlari va masʼul ijrochilar belgilandi.

Tadbirkorlar va eksportchilar ishchi guruh aʼzolari bilan korxonalarni yanada kengaytirish va modernizatsiya qilish, ichki va tashqi bozorlarda talabgir va yuqori qoʼshilgan qiymatga ega mahsulotlarning yangi turlarining ishlab chiqarishini oʼzlashtirish rejalari bilan oʼrtoqlashdi.