Andijon viloyati tadbirkorlarining muammoli masalalari tinglandi

Joriy yilning 4-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o'rinbosari Aziz Voitov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Ishchi guruh Andijon viloyatidagi qator investitsiya loyihalari faoliyati bilan tanishdi.

Tashrifdan maqsad joylarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning hozirgi holatini tahlil qilish, tadbirkorlarni duch kelinayotgan muammolarni hal qilishda qo'llab-quvvatlash, investitsiyaviy, ishlab chiqarish va eksportni rivojlantirishni faollashtirish uchun hududning foydalanilmagan resurslarni ishga solish bo'yicha takliflar ishlab chiqishdir.

Kun davomida jami 9 ta ishlab chiqarish obyekti ko'zdan kechirildi. Ishchi guruh, shuningdek, tadbirkorlar duch keladigan muammolarga alohida e'tibor qaratdi. Mas'ul rahbarlarga bildirilgan masalalarni hal qilish choralarini ko'rish bo'yicha topshiriqlar berildi va ularning bajarilishi nazoratga olindi.

Shuningdek, tashrif davomida Yangi Andijonning katta majlislar zalida viloyat ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Muloqotda 100 dan ortiq tadbirkor ishtirok etdi. Samimiy va ishonchli muloqotda tadbirkorlarning bevosita faoliyati davomida duch kelinayotgan 87 ta muammoli masalalar tinglandi va har tomonlama tahlil qilindi, ularning har birini tezkor hal qilish algoritmlari ishlab chiqildi. Bundan tashqari, hududning investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirish bo'yicha bildirilgan takliflar respublika darajasida kompleks yechimlarni ishlab chiqish uchun qabul qilindi.