Angorda 1400 nafar doimiy ish o‘rni yaratiladigan loyihaga tamal toshi qo‘yildi

Joriy yilning iyun oyida mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga Angor tumanida savdo va ishlab chiqarish majmuasi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan holda mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.
Prezident tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilayotgan ushbu loyihaga bugun mutasaddilar tomonidan tamal toshi qo‘yildi. Ushbu tadbirda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi B.Sharipov, Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari F.Mamanov hamda qator mutasaddilar ishtirok etishdi.
Angor tumanining “Tallimaron” MFY hududida qurilishi boshlangan “Angor index” MCHJ savdo va ishlab chiqarish majmuasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 4 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu hududda loyihaga binoan 704 ta har xil turdagi qurilish va pardozlash mollari do‘konlari barpo etiladi.
50 mlrd so‘mni tashkil etuvchi investitsion loyiha 2022 yilning yanvar oyida to‘liq ishga tushirilishi maqsad qilingan bo‘lib, bu yerda mahalliy aholining 1 400 nafari doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
Savdo majmuasining o‘zida 1 500 kv.m hududda umumiy ishlab chiqarish maydoni ham mavjud bo‘ladi. Shuningdek, majmua qarshisida 1000 ga yaqin avtomobillar uchun turargoh bunyod etiladi. Bu esa yana minglab qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi uchun zamin yaratadi.
Bugun, 11 sentabr kuni Qo‘mita raisi B.Sharipov va viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari F.Mamanov tomonidan ulkan loyiha qurilishining birinchi g‘ishtlari qo‘yildi va qurilishga start berildi.






