Anomal sovuq sababli barcha xodimlarning onlayn ishlashiga ruxsat berish taklif qilindi

"Oʼzgidromet" kelayotgan haftada Oʼzbekistonda -27 darajagacha sovuq ob-havo kuzatilishi mumkinligi haqida ma’lum qilgan edi. Shu sababli, “Yuksalish” harakati ushbu vaziyat bilan bog’liq bo’lgan takliflarini bildirdi. Qayd etilishicha, agar xodimlarning ish joyida boʼlishiga ehtiyoj boʼlmasa, ular onlayn ishlashiga ruxsat berilishi kerak.
Harkatga koʼra, barcha ish beruvchilar — ham davlat, ham xususiy sektor ish jarayonlarini tashkil etishni chuqurroq koʼrib chiqishlari kerak. Mehnat sharoitlari bilan tanishib chiqib, xodimlarni qulay harorat rejimi bilan taʼminlash zarur. Аgar xodimlarning ish joyida boʼlishiga ehtiyoj boʼlmasa, ular onlayn ishlashiga ruxsat berilishi kerak.
“Yuksalish” harakati onlayn formatda ham berilgan vazifalarni samarali bajarish mumkinligi pandemiyada isbotlanganini keltiradi. Qolaversa, bu yoʼllarni tirband qilmasdan, qor va muzlardan tozalab olinishiga sharoit yaratadi.
Taʼkidlanishicha, “Yuksalish” harakati jamoasi 9-15-yanvar kunlari masofadan ishlashga oʼtmoqda. Markaziy idora joylashgan binoning isitish tizimidagi qiyinchiliklar sababli shunday qarorga kelingan. Hududiy boʼlinmalar ham onlayn formatga oʼtmoqda.
Shuningdek, ish soatlarini, ayniqsa, ochiq havoda ishlaydiganlar uchun qisqartirish ham maqsadga muvofiq. Imkon qadar xodimlar uchun issiq ichimliklar tashkil qilish, sovuqqotish holatlarining oldini olish uchun tanaffus berish yoki oʼrin almashtirish ham foydadan holi emasligi qayd etilmoqda.
Bundan tashqari, yirik savdo va aholiga xizmat koʼrsatish markazlarida issiq choy berishni tashkil qilish, jamoat transportining uzluksiz harakatlanishini taʼminlash zarurligi taʼkidlanmoqda.






