Apple yangi iPad Pro planshetlarini taqdim etdi

Xabarlarga ko’ra, Apple kompaniyasi oʼzining oltinchi avlod iPad Pro planshetini hech qanday taqdimotlarsiz namoyish qildi. Kompaniyaning eng soʼnggi flagman plansheti M2 chipi bilan jihozlangan boʼlib, u 12.9 va 11 dyuymli ekran oʼlchamlarida chiqarilgan.
Salkam 13 dyuymli iPad Pro modeli Mini LED texnologiyasiga asoslangan displeyga ega va bu bilan planshet yaxshilangan kontrast va yanada effektli HDR bilan ishlash imkonini beradi. Kichik ekranli model esa oddiyroq ekranga ega, lekin ularning ikkovi ham Applening ProMotion, 120 gerts yangilanish tezligini qoʼllab-quvvatlaydi.
Planshetlardagi eʼtiborli yangilanishlarning bir shundaki, ularning ekrani endi Apple Pencil qalamini (12 millimetrgacha yaqinlikda) havoda turganda ham sezadi. Kameralar borasida planshetlar 12MP old sensor (+FaceID) bilan jihozlangan. Orqa tomoda esa 12MP va 10MP (ultra-keng) kameralar mavjud.
Shuningdek, oltinchi avlod iPad Pro bilan simsiz ulanishlar ham yaxshilangan: planshetlar endi WiFi 6E, Bluetooth 5.3 va 5Gni qoʼllab-quvvatlaydi.
Qayd etilishicha, 26-oktabrdan sotuvga chiqarilishi kutilayotgan planshetlar uchun kosmik kulrang va kumush ranglarga oldindan buyurtma berish boshlangan.






