АQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʼyicha yordamchisi Oʼzbekistonga tashrif buyuradi

Oʼzbekiston va АQSh oʼrtasidagi munosabatlarning zamonaviy arxitekturasi zamirida nafaqat iqtisodiy sohalarda, balki taʼlim, sogʼliqni saqlash, xavfsizlik va madaniyat sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan mushtarak manfaatlar yotadi.

Soʼnggi tashrifi chogʼida АQSh Davlat kotibi yordamchisi Donald Lu Strategik sheriklik muloqotining Birinchi uchrashuvida delegatsiyani boshqargan edi. Siyosatshunos tomonidan mamlakatimizning keng koʼlamli islohotlarni amalga oshirishdagi saʼy-harakatlari qoʼllab-quvvatlanayotgani, oʼzaro savdo salohiyatidan foydalanish va qoʼshimcha kapitalni imkon qadar tezroq jalb qilish muhimligi taʼkidlangan edi. Oʼzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ochilgan АQSh investitsiyalarini qoʼllab-quvvatlash boʼyicha maxsus ofisining oʼrni ham alohida qayd etilgan edi.

Shuningdek, Donald Lu Oʼzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, inson huquqlariga hurmat va asosiy erkinliklarni himoya qilishni ragʼbatlantirish, shuningdek, demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni olqishladi va ushbu islohotlarni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha АQSh yordamining oshganligini taʼkidladi.

АQSh Davlat kotibi yordamchisining Oʼzbekistonga hozirgi tashrifining kun tartibi ham nihoyatda sermazmun. Uchrashuv va muzokaralar chogʼida raqamli iqtisodiyot, energetika va investitsiyalardan tortib, sogʼliqni saqlash, madaniyat va turizmni rivojlantirishgacha ikki mamlakat oʼrtasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari koʼrib chiqilishi kutilmoqda.