AQSH Eronga yadro kelishuvi bo‘yicha takliflarini jo‘natdi

Eron TIV rasmiy vakili Nosir Kanoni Chafining ma’lum qilishicha, Tehron yadro kelishuvi bo‘yicha AQSHdan javob olgan.

“Eron tomoni YeI koordinatori orqali AQSHdan yadro kelishuviga qaytish yuzasidan javob oldi. Biz Amerika takliflarini diqqat bilan o‘rganishga kirishdik va koordinatorga bu haqda o‘z fikrimizni bayon etamiz”, — degan diplomat.

Ma’lumot o‘rnida: 2015-yilda Eron va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya hamda Xitoy o‘rtasida “Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi” imzolangan. Unga ko‘ra, Tehron yadro quroli ishlab chiqishdan voz kechishi, Gʻarb esa iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishi lozim edi. Ammo 2018-yilda AQSH bu kelishuvdan chiqib ketdi.

Jozef Bayden AQSH prezidenti bo’lgach, kelishuvni qayta tiklash tashabbusi bilan chiqdi. 2021-yildan boshlab Venada sakkiz raundli muzokaralar o‘tkazildi. 11-mart kuni tomonlar tashqi faktorlar tufayli tanaffus oldi. Unga asosiy sabab qilib Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operasiyasi ko‘rsatilmoqda. Bunga qadar muzokaralar final bosqichiga chiqqan va fevral oxirida yakunlanishi kerak edi. So‘nggi oylarda Yevropa vositachiligida yadro kelishuvi bo‘yicha muzokaralar faollashdi.