AQSH Qoraqalpog‘istonga navbatdagi insonparvarlik yordami yetkazdi

AQShning Project C.U.R.E xayriya tashkiloti O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Orolbo‘yidagi mahalliy tibbiyot muassasalariga umumiy og‘irligi 16,8 tonna, ichida 2,9 ming dona tibbiyot buyumlari bo‘lgan to‘rtta konteyner yetkazib berdi.
Elchixona maʼlumotlariga koʻra, 4 ta konteyner ultratovush va ventilyator qurilmalari va jihozlari, kislorod konsentratorlari, rentgen skanerlari, yangi tugʻilgan chaqaloqlar uchun intensiv terapiya inkubatorlari, defibrillyatorlar, laboratoriya asboblari, kislorod ballonlari, bemorlarni tashish uchun aravachalar kabi tibbiy asbob-uskunalar, nafas olish apparatlari, operatsiya stollari uchun matraslar va boshqa mahsulotlarni oʻz ichiga oladi.
Qayd etilishicha, mazkur uskuna va qurilmalar mahalliy aholining tibbiy xizmatdan foydalanish sifatini oshirish bilan birga, ularga qulaylik yaratadi.
Ushbu insonparvarlik yordami O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov va Project C.U.R.E. bosh prezidenti Duglas Jekson o‘rtasida oldinroq erishilgan 3 million dollarlik tibbiy asbob-uskunalar va sog‘liqni saqlash buyumlarini Qoraqalpog‘istonga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar doirasida amalga oshirildi.
Hozirgi vaqtda Project C.U.R.E. insonparvarlik yordamining navbatdagi partiyasini Orol dengizi zonasiga jo‘natish uchun tayyorlamoqda.
Eslatib o'tamiz, "Project C.U.R.E." - 1987 yilda tashkil etilgan nodavlat tashkilot. U rivojlanayotgan mamlakatlarga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yetishmasligini bartaraf etishda yordam berib keladi. AQShning oltita shtatida yirik tarqatish markazlariga ega. Har hafta ikkita 40 futlik konteyner tayyorlanib manzilga jo’natiladi. Ularning har birida tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar, ulgurji sotuvchilar, klinikalar, jismoniy shaxslar va boshqalardan yig'ilgan o'rtacha 300 000 dollarlik tibbiy buyumlar mavjud. Hozirda tashkilot 135 mamlakatda o’z faoliyatini yo’lga qo’ygan.






