AQSh Rossiyaga dollar yetkazib berishni taqiqladi

AQSh navbatdagi sanksiyalar doirasida Rossiyaga dollar banknotalarini yetkazib berishni taqiqladi. Qolaversa, avtomobil, kiyim-kechak va zargarlik buyumlari eksporti cheklandi. Bundan tashqari, Rossiyadan ikra, dengiz mahsulotlari va spirtli ichimliklar, shuningdek, brilliant importiga ham taqiq qo‘yildi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaga dollar banknotalarini eksport, reeksport, sotish yoki yetkazib berishni taqiqlovchi farmonni imzoladi. Hujjat Oq uy saytida e’lon qilindi.
«AQSh dollar banknotalarini AQShdan Rossiya Federatsiyasi hukumati yoki Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lgan har qanday shaxsga, qolaversa, banknotalar joylashgan yeridan qat’iy nazar AQShning yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita eksport, reeksport, sotish yoki yetkazib berish taqiqlanadi», — deyiladi farmonda.
Bundan tashqari, AQSh Rossiyadan ikra, dengiz mahsulotlari, aroq va boshqa spirtli ichimliklar, qolaversa, brilliant import qilishga taqiq qo‘ydi, deya ta’kidladi Jo Bayden.
G7 davlatlari shuningdek, Rossiyaga Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va boshqa xalqaro moliya institutlaridan mablag‘ olishni taqiqlashga erishishi kutilmoqda, deyiladi «katta yettilik» mamlakatlarining qo‘shma bayonotida. Ular Rossiya bilan eng maqbul savdo muhiti maqomini bekor qilish va Rossiyaning JST a’zoligidan mahrum qilish niyatida.






