АQShning yangi elchisi O’zbekistonning yirik biznes vakillari bilan tanishmoqda

20-yanvar kuni АQShning Oʼzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jonatan Xenik va “BMB Trade Group” Kuzatuv Kengashi raisi Bekzod Mamatqulov oʼrtasida uchrashuv boʼlib oʼtdi.
Ochiq muloqot doirasida J.Xenik oʼz lavozimiga kirishganidan buyon bu Oʼzbekistondagi yirik xususiy biznes vakillari bilan ilk uchrashuv boʼlib, “BMB Trade Group” misolida tadbirkorlar ishini tashkil etish bilan tanishishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Bekzod Mamatqulov qabul uchun minnatdorchilik bildirib, kompaniya amerikalik investorlar bilan birgalikda ishlash tajribasiga ega ekanligini va eksport, investitsiya va konsalting loyihalari boʼyicha oʼzaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilganligini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida Yangi Oʼzbekiston rivojlanish strategiyasi, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikni liberallashtirish boʼyicha islohotlar respublikada tadbirkorlik faoliyati dinamikasiga ijobiy taʼsir koʼrsatgani eʼtirof etildi.
Muloqot chogʼida Oʼzbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar, biznes yuritish boʼyicha xalqaro ilgʼor tajribalarni joriy etish, shuningdek, АQSh bozoriga quritilgan meva-sabzavot hamda “BMB Za'faron” zaʼfaron mahsulotlari eksportini yoʼlga qoʼyish yuzasidan fikr almashildi.






