AQShning yirik IT-shaharlaridagi biznes doiralari O'zbekistondagi o'zgarishlarga katta qiziqish bildirmoqda

O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov Savdo-sanoat palatasi prezidenti, San-Diyego (Kaliforniya) shahrining sobiq meri Jerri Sanders bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida muzokaralar o‘tkazdi.
Amerika tomoniga mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish, shuningdek, mamlakatning raqobatbardoshligi va innovatsion rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan inson kapitalini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Keyingi yillarda innovatsion rivojlanish sohasida ishbilarmonlik muhiti sezilarli darajada oshgani, muvaffaqiyatli startap loyihalar paydo bo‘layotgani alohida ta’kidlandi. Amerika tomoni makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, tovarlar, kapital, mehnat resurslari va xizmatlar harakatining tartib-qoidalarini soddalashtirish borasida erishilgan sezilarli yutuqlarga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, u 2,5 mingdan ortiq Amerika kompaniyalarini birlashtirgan San-Diego Savdo palatasi qoʻshma biznes loyihalarni amalga oshirish maqsadida mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishdan manfaatdor ekanini maʼlum qildi.
Uchrashuv yakunida AQSh va O‘zbekiston ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishda Amerika tomoniga ko‘maklashish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qator sarmoyaviy loyihalarni o‘rganish hamda amaliy hamkorlikni boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.






