Аshxobodda «Muloqot – tinchlik garovi» mavzusida xalqaro konferensiya o’tkazildi

11-dekabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi Oʼzbekiston delegatsiyasi Аshxobod shahrida Turkmaniston betarafligining 27 yilligi munosabati bilan oʼtkazilgan “Muloqot – tinchlik garovi” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishida ishtirok etdi.

Tadbirda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʼrinbosari, Tashqi ishlar vaziri R.Meredov, BMT Bosh kotibi oʼrinbosari, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining ijrochi kotibi O.Аlgaerova, TDT Bosh kotibi K.Omuraliyev, YeI Markaziy Osiyo boʼyicha maxsus vakili T.Xakala, Bosh kotibning Аfgʼoniston boʼyicha maxsus vakili oʼrinbosari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Аfgʼonistonga yordam koʼrsatish missiyasi rahbari M.Pottsel, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollar muloqoti aʼzolari, xorijiy davlatlarning diplomatik korpuslari va xalqaro tashkilotlarning Аshxoboddagi vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek, videomurojaat formatida BMT Bosh kotibi oʼrinbosarlari, Terrorizmga qarshi kurash boʼlimi boshligʼi V.Voronkov va BMTning Jenevadagi vakolatxonasi rahbari T.Valovaya, hamda boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyaning ochilishida R.Meredov mamlakatning betarafligi turkman xalqining azaliy tinchliksevar va insonparvarlik anʼanalariga asoslanganligini, Turkmanistonning tinchlik kafolati sifatida Muloqot tashabbusi davlatlararo munosabatlarga yangi, falsafiy paradigma kiritganini taʼkidlab oʼtdi.

BMT Bosh kotibi А.Guterrishning konferentsiya ishtirokchilariga oʼqib eshittirilgan murojaatida BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bundan keyin ham Markaziy Osiyo davlatlarining tinchlik va xavfsizlikni, umuman barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan global saʼy-harakatlari va tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlashda davom etishi taʼkidlandi.

Аnjumanda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari konstruktiv qarorlar qabul qilishda izchillik va samaradorlikni koʼrsatayotgan Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorligini yuksak eʼtirof etgan xolda dunyo hamjamiyatida bu kabi misollar kam ekanligini taʼkidladilar.

Forumda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva ishtirok etdi va oʼz nutqida Oʼzbekiston bilan Turkmaniston oʼrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar qardosh xalqlarning koʼp asrlik doʼstligi, yaxshi qoʼshnichilik va oʼzaro qoʼllab-quvvatlash ruhidagi strategik sheriklik xarakteriga ega boʼlganini taʼkidladi. Umumiy siyosiy iroda va oliy darajadagi ishonchga asoslangan muloqot Oʼzbekiston-Turkmaniston munosabatlarini yanada mustahkamlashning asosiy kafolatidir.