Ashxoboddagi «Toshkent» bog‘i

«Toshkent» istirohat bog‘i Ashxobod shahrining tarixiy markazida — sobiq «Gunesh» bog‘i o‘rnida, Maxtumquli shoh ko‘chasi bo‘ylab joylashgan. Bu joy o‘ta ko‘rkam, gavjum va yashil maydonlarga boy. Uning hududida Vazirlar Mahkamasi, sirk va drama teatri binolari joylashgan.

Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning 2021-yil 17-fevral kuni Turkmanistonga tashrifi chog‘ida unga Ashxobod shahrida Toshkent bog‘i qurilishi haqida ma’lum qilgandi. Ertasi kuni “Neytral Turkmaniston” gazetasi bog‘ni loyihalash va qurish bo‘yicha tender e’lon qildi. Buyurtmachi Ashxobod shahri hokimligi edi.

Bog‘ni qurish uchun Turkmaniston budjetidan 21 million 150 ming manat (6,43 million dollar) ajratildi. Taxminan 28,6 ming metrkvadrat maydonda yashil maydonlar, gulzorlar va yo‘laklardan iborat landshaft barpo etildi, O‘zbekiston poytaxtining diqqatga sazovor joylarining miniatyura nusxalari bo‘lgan 20 dan ortiq ob’ektlar barpo etildi.

Bu yerda poytaxtimizdagi «Mustaqillik» maydoni, Oloy bozori, Toshkent teleminorasi va yana ko‘plab o‘zbekona maket va dekoratsiyalarni uchratasiz. Umuman, bog‘da o‘zingizni xuddi Toshkentda yurgandek his etishingiz uchun barcha muhit yaratilgan.