Аsosiy eʼtibor rivojlanish strategiyasini amalga oshirishga qaratilmoqda

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Yangi Oʼzbekistonning 2022–2026-yillarga moʼljallangan taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulugʼlash va faol mahalla yili” Davlat dasturining joriy yilning 1-choragida ayrim bandlari ijrosi toʼgʼrisida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi. Muloqotda Vazirlikning masʼul boshqarmalari rahbar va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

2017-2021-yillar mamlakatimiz uchun muhim davr boʼlgani taʼkidlandi. 5 yil davomida iqtisodiyotni shakllantirish, global tashabbuslarni ilgari surish, oʼtkir ijtimoiy masalalarni hal qilish, eng yaxshi tajribaga tayanib, zamonaviy amaliyotlarni joriy etish, tarmoqlarni rivojlantirish va turmush darajasini oshirish boʼyicha faol saʼy-harakatlar amalga oshirildi. Ushbu muhim ustuvor yoʼnalishlar islohotlarning ikkinchi bosqichida ham dasturilamal sifatida qabul qilindi. 2022-yil yanvar oyida toʼliq yangilangan dasturiy hujjat, butunlay boshqa tendensiyalarga asoslangan “Yangi Oʼzbekistonning 2022-2026-yillarga moʼljallangan rivojlanish strategiyasi” qabul qilindi.

Xususan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga davlat dasturining 42 ta bandi va kichik bandlarini bajarish, shu jumladan 16 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, Hukumat komissiyasining 3 ta bayonnomasini, 1ta kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, 22 ta kompleks tadbir va tashabbuslarni amalga oshirish yuklatilgan.

Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga koʼra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Dasturning 8 bandi toʼliq amalga oshirildi. Xususan, bandlardan biri asosida Strategiyaning 22-maqsadi doirasida farmatsevtika sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirishni koʼzlab “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri negizida biotexnologik klaster tashkil etish yuzasidan qaror loyihasi ishlab chiqildi.

Matbuot anjumani yakunida savol-javoblar sessiyasi boʼlib oʼtdi. Unda jurnalistlar oʼzilarini qiziqtirgan maʼlumotlarga ega boʼldilar.