«Asosiy maqsad aeroportning odamlar uchun qulay ekanligi bo'lishi kerak», - Shavkat Mirziyoyev

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahriga tashrifi chog’ida Samarqand xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari 2019 yilda viloyatga tashrifi chog'ida ushbu aeroportni modernizatsiya qilish bo'yicha ko'rsatmalar bergan edi.

Bugungi kunga qadar uzunligi 3 105 metr va kengligi 60 metr bo’lgan uchish-qo'nish yo'lagi yakunlandi. Aeroportning yangi terminali soatiga 800 yo'lovchiga xizmat ko'rsatishi mumkin, bu avvalgisidan ikki barobar ko'pdir.

 - “Asosiy maqsad aeroportning odamlar uchun qulay ekanligi bo'lishi kerak. Buning uchun "aqlli" texnologiyalardan foydalanish, xizmatni arzon, sifatli va tezkor qilish kerak”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangilangan aeroportni joriy yilning sentabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ochilgandan so'ng, u ochiq osmon rejimida ishlay boshlaydi. Ming kishi ish bilan ta'minlanadi.