Avstriyaning eng yirik banki O‘zbekistonga 7,9 mln yevro imtiyozli kredit ajratdi

“UniCredit Bank Austria AG” O‘zbekistondagi loyihalarni imtiyozli moliyalashtiradi.
“Dunyo” axborot agentligining xabar berishicha, Avstriyaning eng yirik banki “UniCredit Bank Austria AG” O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga innovatsion texnologiyalar transferini moliyalashtirish uchun 7,9 million yevro miqdorida “imtiyozli kredit” (imtiyozli moliyalashtirish) ajratgan.
“Loyiha mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini Avstriyaning “Bauer Gmbh” kompaniyasining yomg‘irli sug‘orish uchun innovatsion texnologiyalari bilan jihozlashni nazarda tutadi” deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Elchisi Abat Fayzullaev Venada Avstriyaning “UniCredit Bank Austria AG” tuzilmaviy savdo va eksport moliyasi departamenti direktori Marion Kristen hamda Tahlil va xalqaro hamkorlik departamenti direktori Reynxard Posh bilan yuqoridagi loyihani muhokama qilish maqsadida muzokaralar o‘tkazgan.
Muzokaralar chog‘ida O’zbekiston qishloq xo‘jaligi sanoatini innovatsion Avstriya texnologiyalari bilan modernizatsiya qilishni moliyalashtirish uchun imtiyozli kredit liniyasi ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.






