Ayni paytda davlatimiz rahbari nutq so'zlamoqda

– So'nggi yillarda iqtisodiyotimiz va islohotlarimizning tayanch va lokomotiviga aylanganingizni aytish uchun barcha asoslarimiz bor. Siz kabi ishbilarmon yurtdoshlarimiz qiyofasida yangi O'zbekiston bunyodkorlarini ko'rmoqdamiz.

Mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o'rinlarining 90 foizi xususiy sektorga to'g'ri keladi. Ayni paytda ularda 5 milliondan ortiq kishi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilmoqda. Iqtisodiyotimizni yanada yuksaltirishni istasak, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratishimiz kerak.

Keyingi 3-4 yil ichida biz tadbirkor uchun kreditlar va subsidiyalar, litsenziyalash, ko'chmas mulk va resurslarga egalik qilish, eksport qilish kabi ko'plab yangi imkoniyatlar va shart-sharoitlarni yaratdik. Haddan tashqari tekshiruvlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo'yicha mavjud cheklovlar, to'siq va g'ovlarning ko'piga barham berildi.

Eng muhimi, aholi va davlat tuzilmalarida tadbirkorlarga bo'lgan munosabat, ularning obro'si va jamiyatdagi mavqei kundan-kunga ortib bormoqda. Natijada ichki va tashqi bozorlarda mustahkam o'rin, obro ' – e'tibor va brendga ega bo'lgan tadbirkorlarning haqiqiy klassi shakllana boshladi,-dedi Shavkat Mirziyoyev, deya prezident matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadov xabar beradi.