Aziz Abduhakimov: Tabiat xatolarimizni kechirmaydi

Forum doirasida Bosh vazir o’rinbosari Aziz Abduhakimovning yoshlar bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi. U yoshlarni atrof-muhitni muhofaza qilishda faollikka chaqirdi.

A.Abduhakimov yoshlar bilan ularning turizm, sport, madaniyat va ekologiya sohalaridagi istiqbolli loyihalari bo‘yicha ishlashga tayyorligini ta’kidladi. Bosh vazir o‘rinbosarining fikricha, yirik sport musobaqalarini o‘tkazish orqali yoshlarning sog‘lom turmush tarzini olib borish va sportga e’tibor qaratishga bo‘lgan rag‘batini oshirish mumkin.

A.Abduhakimov shuningdek, yoshlarni atrof-muhitni muhofaza qilishda faollikka chaqirdi, ularning diqqatini ekologiya mavzusiga qaratib, Orol dengizi fojeasining insonlar hayotiga ta’siri haqida gapirdi.

– Yaqinda sport marafonlari ketma-ketligi o‘tkazildi, – dedi A.Abduhakimov. – Shulardan biri Orol dengiziga bag‘ishlangan edi. Biz tushunishimiz kerakki, tabiat xatolarimizni kechirmaydi. Yaqinda poytaxtda kuzatilgan changli bo‘ronni eslasangiz kerak, iqtisodiy manfaatlar ortidan ekologiyaga yetkazilgan zarar oqibatlariga ko‘plab misollar keltirish mumkin.

A.Abduhakimov yoshlardan savol va takliflarini so‘radi. Har bir savolga batafsil javob berib, ishtirokchilarning qiziqarli g‘oyalari uchun minnatdorlik bildirdi.

Bosh vazir o‘rinbosari yoshlarga Jenisbek Piyazov va “Elektrooko” guruhining “Ertaga” qo‘shig‘iga ishlangan klipni tomosha qilishni taklif etdi. Klip Orol dengizi va mahalliy aholining suv qachondir qaytishi haqidagi orzulariga bag‘ishlangan.