BААda Masdar kompaniyasi bosh direktori bilan muzokaralar o’tkazildi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʼrinbosari Sh.Vafayev boshchiligidagi Oʼzbekiston delegatsiyasining BАА tashrifi chogʼida Masdar kompaniyasi Bosh direktori Muhammad al-Ramahi bilan muzokaralar oʼtkazildi.
Eslatib oʼtamiz, Masdar tomonidan Oʼzbekistonda birinchi 100 MVt quyosh elektr stansiyasini qurish boʼyicha loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilib, u 2021-yil avgust oyida Navoiy viloyatida tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Uchrashuv chogʼida tomonlar oʼzaro hamkorlik kun tartibidagi dolzarb masalalarni, jumladan, Oʼzbekistonda energetika sohasidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Muhammad al-Ramahining maʼlum qilishicha, Masdar 2022-yil avgust oyida Navoiy viloyatida 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi, dekabr oyida esa Surxondaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 897 MVt teng boʼlgan quyosh elektr stansiyalari qurilishini boshlashni rejalashtirmoqda.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi Oʼzbekistonga quyosh va shamol quvvatidan olinadigan elektr energiyasi miqdorini 8 GVtgacha yetkazish va 2026-yilga kelib mamlakatning umumiy energiya balansida muqobil energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish maqsadlariga erishishga yordam beradi, bu esa Oʼzbekistonning gaz va koʼmirga boʼlgan energiya qaramligini kamaytiradi.






