Bagdad Amreyev: “Biz mamlakatlarimizga xizmat qilish uchun yaratilganmiz”

Bugun Turkiy kengash Bosh kotibi Bagdad Amreyev hamda Qishloq xo'jaligi vaziri Jamshid Xodjayev uchrashuvi bo'lib o'tdi, unda tomonlar agrar sohasida ko'p qirrali hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Vazir Xodjayev delegatsiyani mamlakat qishloq xo'jaligi sohasini rivojlantirish bo'yicha, xususan, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy etish, sohaga investitsiyalarni jalb etish, resurslarni tejaydigan texnologiyalarni tatbiq qilish, shuningdek qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini zamonaviy texnika bilan ta’minlash bo'yicha respublikada o'tkazilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi.

O'zbekiston Respublikasida qishloq xo'jaligi sohasining muhimligini inobatga olgan holda, shuningdek uni Turkiy kengash faoliyatiga faol jalb qilish maqsadida, Bosh kotib joriy yilda qishloq xo'jaligi vazirlarining 1-uchrashuvini va Qishloq xo'jaligi forumini O'zbekistonda o'tkazish taklifini berdi.

Shuningdek, tomonlar Turkiy kengashga a’zo mamlakatlarning qishloq xo'jaligi ilmiy izlanish markazlarining mutaxassislari va olimlari bilan qishloq xo'jaligi sohasidagi ilmiy ishlanmalar bo'yicha tajriba va natijalar almashish imkoniyatini muhokama qildilar.