Bahodir Аbdullaev vafot etdi

Iste’dodli jurnalist “Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan madaniyat xodimi" faxriy unvoni, "Mehnat shuhrati" ordeni va "Radio va televideniye aʼlochisi" koʼkrak nishoni sohibi Bahodir Аbdullaev hayotdan ko’z yumdi.
Bahodir Аbdullaev 1937-yil 13-mart kuni Toshkentda, ziyoli oilasida tugʼilib, "Eski shahar"dagi 24-maktabni muvafaqqiyatli tugatgach, Oʼrta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi OʼzMU)ning filologiya fakulteti jurnalistika boʼlimida tahsil olgan.
Oʼquvchiligida radioda yosh muxbirlar va diktorlar oʼrtasida oʼtkazilgan tanlovda gʼolib boʼlgan. Oʼn uch yoshli Bahodir, shu asnoda, radio bilan oshno tutinib, butun umrini radio va telejurnalistikaga bagʼishlagan.
U ijodiy faoliyati mobaynida U.Y. Ibrohimov, U.B. Burhonov, B.Z.Ziyoyev, Oʼ.Umarbekovlar yaratgan radio va televideniye maktabidan bahramand boʼldi va tajribasini safdoshlari hamda shogirdlari bilan oʼrtoqlashdi.
Respublika radiosi fonetokasidagi yuzlab radiopostanovkalar, xususan poytaxtimizning otaxon teatrlarida qoʼyilgan mumtoz sahna asarlarining magnit tasmalariga muhrlangan radiomontajlari, mashhur ijodkorlarning oʼzlari oʼqigan asarlari millatimizning bebaho maʼnaviy boyligi boʼlib qoldi.
Oʼzbekiston televideniyesining bosh direktori lavozimida ishlagan yillari elga manzur koʼrsatuvlar tayyorlashda faol qatnashdi.
Vatan mustaqilligining dastlabki oʼn yilligida "Oʼzbektelefilm" tizimida milliy teleseriallar va dublyaj ijodiy birlashmasi tuzilishiga bosh boʼldi. Hozirgi vaqtda milliy telekanallarda bot-bot namoyish etilayotgan "Charxpalak", "Iymon", "Umidingii soʼndirma", "Doka roʼmol qurishi", "Ramayana", "Qalbim chechagi", "Kusto komandasining suv osti sarguzashtlari" singari yuzlab original va dublyaj seriallari fikrimiz dalildir.
Iste’dodli jurnalist, tajribali ustoz Bahodir Abdullaev yaqinlari, hamkasblari, do‘stlari xotirasida mangu saqlanib qoladi.
“Bright Uzbekistan” jamoasi Bahodir Аbdullaevning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.






