Barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalar uchun ishlashga ruxsat beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-mart kuni oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, Oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Qayd etilganidek, hozirgi kunda oliygohlarimizda 510 ming nafar talaba kunduzgi ta’lim shaklida o‘qimoqda (jami 820 ming nafar). Davlatimiz rahbari topshirig‘iga muvofiq, talabalar bilan suhbat va so‘rovnomalar o‘tkazildi. Talabalarning 100 ming nafarga yaqini ishlash va qo‘shimcha daromad topishga ehtiyoji borligini bildirgan.

Qayd etilganidek, bugungi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rni mavjud. Ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalarida – 22 mingtadan, sanoatda – 17 ming, sog‘liqni saqlashda – 9 ming, qurilish va qishloq xo‘jaligida – 6 mingtadan, moliya sohasida – 3 ming, aloqa va IT sohasida – 2,5 ming ish o‘rni bor.

"Mutasaddilar ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlashi shart", dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda bu ishlarni tizimli tashkil etish uchun Bosh vazir rahbarligida respublika komissiyasi tuzilishi ma’lum qilindi.

Yana bir masala – oliy o‘quv yurtlaridagi boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi lavozimlari bo‘yicha mavjud vakant joylarda 3 mingdan ziyod talaba bandligini ta’minlash mumkin.

Bundan tashqari, barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalar uchun ishlashga ruxsat beriladigan bo‘ldi.

Masalan, oliygohlar atrofidagi shahar maktablari va bog‘chalarida 13 ming vakant ish o‘rni mavjud. Mutasaddilarga bir oy muddatda kamida 10 ming nafar talabani ular uchun joylashuvi qulay bo‘lgan maktab va bog‘chalarga ishga joylashtirish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda davlat grantlari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy loyihalarga 2022-yilda kamida 3 ming nafar talabani jalb qilish lozimligi aytildi.

Viloyat hokimlari ikki oy muddatda oliygohlar bilan yirik kompaniya, klaster va boshqa korxonalar o‘rtasida hamkorlik tizimini yaratib, yil yakuniga qadar 10 ming nafar talabaning bandligini ta’minlashi belgilandi.