Bayden Saudiyaga tashrif buyuradi

Oq uy rahbari 15-16-iyul kunlari Ar-Riyodda muzokaralar o‘tkazadi.

AQSH Prezidentining Saudiya Arabistoniga tashrifi Vashingtonning Pekin va Moskva bilan qarama-qarshiligida muhim ahamiyatga ega. Bu haqda Jozef Bayden ma’lum qildi.

“Yanada xavfsiz va birlashgan Yaqin Sharq amerikaliklarga ko‘p sohalarda foyda olib keladi. Uning suv yo‘llari biz tayanadigan yetkazib berish zanjirlari va xalqaro savdoda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mintaqaning energetik resurslari Rossiya va Ukraina mojarosidan keyingi vaziyatni yumshatishda o‘ta zarur”, – degan Oq uy rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Saudiya Arabistoniga tashrifidan ko‘pchilik norozi. Ammo prezidentning fikricha, bu strategik jihatdan katta ahamiyatga ega. Bayden Rossiya va Xitoy bilan qarama-qarshilik va raqobatda dunyoning eng muhim mintaqasidagi barqarorlik zarur ekanligini ta’kidlagan.

“Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun mintaqadagi jarayonlarga ta’sir o‘tkaza oladigan davlatlar bilan hamkorlik qilish lozim. Saudiya Arabistoni — shunday davlatlardan biri”, – deb qayd etgan AQSH yetakchisi.