Bayram kunlari aholi elektr va gaz boʼyicha qarzdorlik uchun tarmoqdan uzilmaydi

Oʼzbekiston Energetika vazirligi tizimda faoliyat yuritayotgan barcha korxonalar bayram kunlari isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash boʼyicha tegishli choralar koʼrilayotganini maʼlum qildi.

Ta’kidlanishicha, neft-gaz va koʼmirni qazib chiqarish, elektr energiyasi hamda neft mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish boʼyicha korxonalarda maxsus shtablar tashkil etilgan.

Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalar va markazlar barqaror ishlashini taʼminlash uchun kuniga oʼrtacha 47-48 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi. Shuningdek, stansiyalar uchun 70 ming tonna mazut va 230 ming tonna koʼmir yoqilgʼisi zaxirasi yaratilgan. Hududlardagi barcha koʼmir omborlariga koʼmir mahsulotini uzluksiz yetkazib berilishi taʼminlanadi.

Shuningdek, bayram kunlari isteʼmolchilarga kuniga oʼrtacha 155 mln kub metr tabiiy gaz, 2 ming tonna suyultirilgan gaz, 5000 tonna avtobenzin, 5000 tonna koʼmir hamda 235 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Energetika vazirligining qoʼshimcha qilishicha, bayram kunlari isteʼmolchilar elektr energiyasi va tabiiy gaz boʼyicha yuzaga kelgan qarzdorlik uchun tarmoqdan uzib qoʼyilmaydi.