Besh yilda 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish va ularni muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʼilishi bo’lib o’tmoqda.
Joriy yilning oʼzida 2 mingta loyihani amalga oshirish, 110 mingta yangi ish oʼrni yaratish va 1 milliard dollar qoʼshimcha eksportni taʼminlash uchun imkoniyatlar borligi taʼkidlandi.
Oʼtgan besh yilda 19 ta erkin iqtisodiy zona (ungacha atigi 3 ta bor edi) va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etilib, ularda 10 trillion soʼmlik 1 mingdan ortiq loyiha ishga tushirildi.
Natijada 100 mingta ish oʼrni yaratilib, yiliga qoʼshimcha 45 trillion soʼmlik mahsulot ishlab chiqarila boshlandi.
Shuningdek, sanoat zonalaridagi korxonalar yiliga 750 million dollarlik eksport va 1 trillion soʼmdan ziyod soliq tushumlarini taʼminlamoqda.
“Аsosiysi, har bir tumanga sanoat kirib bordi, olis va chekka hududlarda yangi ishlab chiqarishlar paydo boʼlmoqda”, dedi Prezident.
Xususan, besh yil avval sanoat umuman boʼlmagan 11 ta tumanda 205 ta yangi korxona ish boshlab, bugungi kunda ularda sanoat hajmi 2 barobar oshdi.






