Birinchi Milliy elektron tijorat platformasi ishga tushirildi

Bugun, 30-iyun kuni Toshkentdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Markaziy Osiyodagi birinchi TradeUZ.com Milliy elektron tijorat platformasi loyihasining tantanali ishga tushirish marosimi boʼlib oʼtdi.

Loyiha Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi (SSEV) hamda Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti (KTRI) bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Elektron platforma Oʼzbekistonning kichik va oʼrta eksport qiluvchi kompaniyalariga oʼz mahsulotlarini eksportga yetkazishni tashkil etish uchun onlayn tarzda ishonchli va muvaffaqiyatli xorijiy hamkorlarni topish imkonini beradi. Buning natijasida eksportga yetkazib berish geografiyasining kengayishi, eksport hajmlarining oʼsishi va umuman mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi kutilmoqda.

Ochilish marosimida soʼzga chiqqan investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʼrinbosari B. Rahimov TradeUZ.com platformasining muvaffaqiyatli ishga tushirilishi pirovardida Oʼzbekistonning Markaziy Osiyoda elektron tijorat rivojlanishining yuqori dinamikasini belgilovchi mamlakat sifatidagi mavqeini mustahkamlashga salmoqli hissa qoʼshishini taʼkidladi. Bunday muhim loyihani amalga oshirishda yordam bergani uchun Koreya Savdo, sanoat va energetika vazirligi, Koreya texnologiyalarni rivojlantirish institutiga minnatdorlik bildirildi.

Bugungi kunda TradeUZ.com 3000 ga yaqin oʼzbek eksportchilari, 10000 xorijiy xaridor, shuningdek, 5000 dan ortiq tovarlar haqida maʼlumotlarni oʼzida mujassam etgan.