Birinchi xonimlar Samarqandda «Oʼzbekiston boʼyoqlari» koʼrgazmasi bilan tanishdi

10-noyabr kuni Samarqandda boʼlib oʼtayotgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammiti doirasida TDT sammitiga kelgan davlat rahbarlarining turmush oʼrtoqlari “Oʼzbekiston boʼyoqlari” koʼrgazmasi bilan tanishdi. Koʼrgazmada 14 nafar rassomning 90 dan ortiq asarlari namoyish etilmoqda.
Oʼzbekistonning birinchi xonimi Ziroatxon Mirziyoyeva, Ozarbayjonning birinchi xonimi Mehribon Аliyeva, Turkiya Respublikasining birinchi xonimi Emine Erdoʼgʼon va Vengriya Bosh vaziri Аniko Levayning rafiqasi koʼrgazmani birgalikda tomosha qildi.
Koʼrgazmada Nukus shahrida joylashgan I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʼiston Respublikasi davlat sanʼat muzeyi kollektsiyasidan mashhur asarlar namoyish etilmoqda. Bu yerda namoyish etilayotgan asarlar XX asr Oʼzbekiston tasviriy sanʼatining barcha sohalarini qamrab olgan. Oʼzbekistonning gʼayrioddiy tabiati, qadimiy obidalari hamisha ijodkorlar uchun ilhom manbai boʼlib kelgan.






