Bloger Activist “halol bo‘lmagan” yogurtlar haqidagi video uchun qamaldi

Toshkentda "Activist" nomi bilan tanilgan bloger Xojiakbar Nosirov 15 sutkaga hibsga olindi. Toshkent shahar IIB uning hibsga olinishi va jinoiy javobgarlikka tortilgani sababini oshkor qildi.

Shu yilning aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda “Activist” taxallusi bilan tanilgan bloger supermarketlarda sotilayotgan baʼzi yogurtlar halol emasligini, chunki ular tarkibida “karmin” borligini aytgan video tarqalgan edi.

“Ma’lum bo‘lishicha, ushbu videoning muallifi Toshkent shahrida yashovchi, 1997-yilda tug‘ilgan Xo‘jiakbar Nosirovdir”, — deyiladi IIB xabarida.

Video muallifi shaxsiy diniy qarashlariga tayangan holda, tegishli ekspert xulosasi olmagan holda, ayrim yogurtlarni iste'mol qilish harom ekanligini ta’kidlagan.

"O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasiga ko‘ra, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega, shuningdek, 27-moddasiga ko‘ra, o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilishdan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega. O‘zbekiston fuqarolarining yuqoridagi kafolatlarini buzishga yo‘l qo‘yilmaydi. Xususan, fuqarolarning o‘z tashabbusi bilan turli masalalarga diniy tus berib, shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi", deb ma'lum qildi Toshkent Shahar IIB.

Bundan tashqari, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga asosan, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va respublika bo‘ylab tarqatish diniy ekspertizadan ijobiy xulosa olingandan keyin amalga oshiriladi.

Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilganda Xojiakbar Nosirovga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontoxur tuman sudi blogerni 15 sutkaga ma’muriy qamoqqa olishga hukm qildi.