BMB Trade Group kompaniyasi Jizzax viloyatida tashkil etgan klasterlar o‘z samarasini bermoqda

Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda klasterlarni tashkil qilish va bu orqali qishloq xo‘jaligi sohasida sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishni yanada kengaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga aholining ehtiyojlarini to‘liq qondirish kabi dolzarb masala sifatida qaralmoqda.
Joriy yilning 23-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bunda oxirgi ikki yilda jahonda oziq-ovqat inflyatsiyasi yiliga 15-20 foizdan pasaymayotgani, o‘simlik yog‘i, sut va go‘shtning jahon narxi so‘nggi 30 yildagi, don mahsulotlari va shakar esa so‘nggi 10 yildagi eng yuqori darajaga ko‘tarilgani qayd etildi.
Mamlakatimiz Prezidenti ta’kidlaganidek, meva-sabzavot eksportini tizimli tashkil qilish, mahsulot ishlab chiqaruvchi bilan eksportyor o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maqsadida tarmoqda klaster tizimi joriy qilish vazifasi qo‘yildi. Avvalo, tizimdagi shartnomaviy munosabatlarni to‘g‘ri shakllantirish, mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va eksportchining manfaati, majburiyati hamda javobgarligini aniq belgilash muhimligi ta’kidlandi:
Bunda meva-sabzavot yetishtirishda yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgan xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish, xorijiy investitsiyasini kiritish soha rivojida muhim ahamiyatga ega.
Bu borada, BMB Trade Group kompaniyasi Jizzax viloyati hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish infratuzilmasini takomillashtirish, qayta ishlash va eksport qilishga qaratilgan yirik investitsiyaviy loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yetarli tajribaga ega kompaniyalardan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-52-son qaroriga asosan BMB Agroklaster meva-sabzavotchilik klasteri negizida
2022 yilda Jizzax viloyatining G‘allaorol, Arnasoy va Sharof Rashidov tumanlarida 7 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berilgan.
Tashqi bozorlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talab tahlillari va 2022 yilgi tajribadan kelib chiqqan holda, joriy yil davomida agroklaster tomonidan Jizzax viloyatining 4 ta tumanlarida 10,0 ming gektardan ortiq yer maydonida 16 turdagi sabzavot, poliz, dukkakli mahsulotlar va moyli ekinlarni yetishtirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, qadoqlash va Yevropa mamlakatlariga eksportni amalga oshirish maqsadida agroklaster negizida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida umumiy qiymati 8,6 mln yevro (shundan 6,1 mln yevro “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning kredit mablag‘lari hisobidan) bo‘lgan investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun: Loyiha doirasida yiliga 24 ming tonna mahsulot qayta ishlanib, undan quritilgan meva-sabzavotlar, murabbo, konserva, pyure va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Meva-sabzavotchilik klasterida mahsulot yetishtirishdan
chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni qamrab oladi. Shuningdek, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash, qadoqlash tadbirlariga Germaniyalik mutaxassislarni jalb qilish hamda loyiha negizida akkreditatsiyadan o‘tkazilgan laboratoriya tashkil etiladi. Shuni ta’kidlash lozimki, qayta ishlangan tayyor mahsulotlarga sertifikat taqdim etish orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri Germaniyaga eksport qilish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda, BMB Trade Group kompaniyasi tomonidan Germaniyaning Landgard kompaniyasi bilan hamkorlikda respublikasida yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, qadoqlash hamda Yevropa bozorlariga yetkazib berish “xabi”ni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun: Landgard kompaniyasi Yevropaning eng yirik kompaniyalaridan biri bo‘lib, uning yillik aylanma mablag‘lari 4 mlrd yevrodan ziyodni tashkil etadi.
Kompaniya ulgurji va chakana savdo tarmoqlaridan tortib supermarketlargacha mahsulotlar yetkazib beradi. Hozirgi kunda Landgard Group 40 ga yaqin kompaniyalarni o‘z ichiga oladi.
Mazkur kelishuvga asosan, Germaniya Federativ Respublikasining Shtutgart shahrida O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasini tashkil etilgan bo‘lib, respublikamiz hududida Yevropa sifat darajasiga mos, akkreditatsiyadan o‘tkazilgan laboratoriya tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Sh.Rashidov tumani hududida Niderlandiya texnologiyasi asosida barpo etilishi rejalashtirilgan zamonaviy issiqxona jahon standartlariga mos yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ichki va tashqi bozorni ta’minlaydi.
Kooperatsiya asosida sabzavotchilik mahsulotlari yetishtirishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, shu jumladan turlari va navlari bo‘yicha ishlab chiqarish yuzasidan rejalar tuzilib kooperatsiya qamrab olgan hududda fermer va dehqon xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini jahon standartlari talablari asosida saralab, qadoqlab, qayta ishlab tashkil etilgan sotish maydonchasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’molchilarga sotishni tashkil qilinadi. Shartnoma asosida klaster a’zolari qishloq xo‘jaligi texnikasi xizmati, yoqilg‘i-moylash materiallari, o‘g‘itlar, urug‘ va ko‘chatlar, shuningdek, kimyoviy himoya vositalari bilan ta’minlanadi.
Muntazam ravishda Klaster a’zolarining yerlarida agrotexnik tadbirlar monitoringini o‘tkazib boriladi. Klaster a’zolariga agrotexnika, buxgalterlik, konsalting, vositachilik va boshqa xizmatlar ko‘rsatiladi hamda xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislari jalb etiladi.
Loyihaning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri, ta’kidlanganidek “daladan-rastagacha” tamoyili asosidagi barcha siklni birlashtiradi: meva-sabzavotlarni yetishtirish, ularni omborxonalarda saqlash, birlamchi va chuqur qayta ishlash, sublimatsion quritish quvvatlari barpo etiladi.
Jahon va milliy standartlarga mos meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini tashkil etish Sh.Rashidov tumani hududida barpo etilayotgan zamonaviy Agrologistika kompleksi tomonidan amalga oshiriladi. Bu o‘z navbatida xorijga yangi uzilgan, quritilgan, saqlangan va qayta ishlangan mahsulotlarni eksport qilish hajmini oshirish imkoniyatlarini beradi.






