BMB TRADE GROUP Tojikistonda za'faron plantatsiyalari yaratadi

9 iyun kuni Dushanbe shahrida BMB Trade Group kompaniyasi Kuzatuv Kengashi Raisi Bekzod Mamatqulov va AVAS Engineering (Tojikiston) Direktorlar Kengashi Raisi Azim Xakimov o‘rtasida B2B formatida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yana bir bor muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik hamda ishonchga asoslangan ikki tomonlama hamkorlik aloqalari mutlaqo yangi bosqichga chiqdi.

Bunda muntazam o‘tkazib kelinayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar muhim rol o‘ynamoqda. Shu asosda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, eksport-import va biznes munosabatlari ijobiy dinamika kasb etyapti.

Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay savdo, mashinasozlik, energetika, qazib olish sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, transport, turizm va sog‘liqni saqlash sohalarida istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani, hududlar va ishbilarmonlar darajasidagi faol muloqotlar davom ettirilayotgani buning yorqin tasdig‘idir.

Binobarin, ikki mamlakat kompaniyalari uchun hamkorlik istiqbollari va geografiyasi yangilanib boryapti.

BMB Trade Group mutaxassislari ko‘magi va nazorati ostida Tojikistonda za’faron plantatsiyalarini tashkil etish g‘oyasi ham shundan dalolat beradi.

Joriy yil 20 may kuni ikki kompaniya rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan dastlabki muloqotda shu bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgan edi.

Bu safargi uchrashuvda ham Tojikiston kompaniyasi mazkur pilot loyihani hayotga tatbiq etish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanligini bildirdi.

Xususan, loyiha uchun 50 gektar maydon ajratildi. U yerda za’faron ekish, yetishtirish va eksport qilishgacha bo‘lgan hamma bosqichlar hamda jarayonlar BMB Trade Group kompaniyasi mutaxassislari tomonidan to‘liq nazorat qilib boriladi.

Yakunda shu bo‘yicha shartnoma imzolandi, hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarida ham «yo‘l xaritalari» aniqlashtirib, amaliy ishlarga kirishish bo‘yicha o‘zaro kun tartibi belgilandi.

Ma’lumot uchun, AVAS Engineering korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatish, qurilish industriyasi, logistika kabi yo‘nalishlarda Tojikistondagi yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.