BMB ZA'FARON brendi ostida bo'lib o'tgan za'faron mahsulotining taqdimoti haqida

Bugun Toshkentda MAKRO Riviera Savdo Markazining "Savii" dorixonalar tarmog'i nuqtasida BMB ZA'FARON brendi ostida za'faron mahsulotining taqdimoti bo'lib o'tdi. Ushbu tadbirda kompaniya vakillari, biolog va farmatsevt mutaxassislar, san’atkorlar, jurnalistlar hamda blogerlar qatnashdilar. Taqdimot davomida za'faron mahsulotining foydali jihatlari haqida ma’lumot berildi.

Ta'kidlash joizki, respublikamizda za'faron plantatsiyalari 2017 yildan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarini amalga oshirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar doirasida yaratila boshlandi.

Shu asosda BMB Trade Group kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatimizning Italiyadagi Elchixonasining yaqindan bergan ko‘magi bilan Jizzax viloyatida za’faron plantatsiyalarini tashkil etish loyihasi amalga oshirildi.

Buning uchun za’faron tugunak piyozboshlari bevosita Italiyadan keltirildi. Yetishtirish jarayonlari «Pyachensa universiteti» olimlari va italiyalik mutaxassislarning to‘liq nazorati ostida bajarildi. Za’faron hosili Yevropa texnologiyalari asosida terib olinib, quritildi. Parvarishlash jarayonida esa hech qanday kimyoviy mineral o‘g‘itlar qo‘llanilmaydi.

Eng muhimi, milliy mahsulotimiz Yevropaning mashhur «Analisi Chimiche Ed Ecologiche Sas» hamda «Laboratori di Ricerche Analitiche e Tecnologiche su Alimenti e Ambiente» laboratoriyalarida ikki bosqichli tekshiruvlardan o‘tkazildi hamda tahlil natijalariga ko‘ra oliy navli deb tan olindi.

Shu bois yaqinda BMB TRADE GROUP va OPERA S.R.L (Italiya) kompaniyalari o‘rtasida umumiy qiymati 3 million yevroni tashkil etadigan eksport shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra, iyul oyining birinchi o‘n kunligida BMB ZA'FARON brendi ostidagi za’faron mahsulotini Italiyaga eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi. Qolaversa, AQSH Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi (FDA — Food and Drug Administration) O‘zbekistondan AQSHga BMB ZA'FARON brendi ostida za’faron mahsulotini import qilishga ruxsat berdi.

Ta'kidlash joizki, bunday loyihalar tufayli kompaniya eksport salohiyatini nafaqat o'zi uchun, balki butun O'zbekistonda za'faron mahsulotlarini oshirishda munosib hissa qo'shishga intiladi. Kelgusida mazkur mahsulotni AQSh, Yevropa Ittifoqi va Janubiy Koreya bozorlariga eksport qilish rejalashtirilgan.