BMT Afg‘oniston hukumatini ayollarga nisbatan zulm o‘tkazish siyosatidan voz kechishga chaqirmoqda

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Afg‘oniston muvaqqat hukumati tomonidan ayollar huquqlarining cheklanishini “ayollarga nisbatan institutsional tizimli zulm” deb atadi. Shu bilan birga, mamlakatdagi gumanitar inqiroz fonida aholining 93 foizi to‘yib ovqatlanmaydi, deya ma’lum qildi BMT.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet Afg‘oniston muvaqqat hukumatini ayollarga tizimli zulm o‘tkazish, shuningdek, huquq himoyachilari va jurnalistlarni ta’qib qilish va hibsga olish siyosatidan voz kechishga chaqirdi. U bu haqda 15-iyun kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Komissar mamlakatdagi aholining 93% chuqur iqtisodiy, ijtimoiy, gumanitar va inson huquqlari inqirozi sharoitida to‘yib ovqatlanmasligini ta’kidladi. Qolaversa, u ayollarning faqat zarurat bo‘lgan holdagina yuzlarini yopib tashqariga chiqishlari mumkinligi, aks holda ularning erkak qarindoshlari jazoga tortilishi belgilangan farmoyishni qoraladi. Avvalroq, afg‘on hukumati o‘rta maktab o‘quvchilarining maktablarga qaytishini kechiktirishga qaror qilgandi, Mishel Bacheletning so‘zlariga ko‘ra, bu 1,1 million o‘quvchi qizning huquqlariga ta’sir qilgan.

“Bunga baho berishimga ruxsat eting: biz bugun Afg‘onistonda guvoh bo‘layotgan holat — bu ayollarga nisbatan institutsional sistematik zulm o‘tkazishdir”, — dedi Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar.

Shuningdek, “Bugungi kunda ishsizlik ortib borayotgan bir sharoitda afg‘on xonadonlarining 93 foizi oziq-ovqat ta’minotidan mahrum bo‘lgan, ayniqsa oila boshlig‘i ayollar, qariyalar, nogironlar va bolalar bo‘lgan aholining eng zaif qatlamlariga halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda. Afg‘oniston aholisining deyarli yarmi — 19,7 million kishi ocharchilik yoqasida”, — deya ta’kidladi BMT vakili.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda qariyb 18,1 million kishi, jumladan, 3 million nafari besh yoshgacha bo‘lgan bolalar tibbiy yordamga muhtoj.